📜 Tarix & MerosBu sahifada
3/2/2026
Xiva shahrida 64 ta madrasa mavjud bo‘lib, shular ichida eng yirigi va chiroylisi Xiva xoni Muhammad Aminxon tomonidan qurilgan madrasa hisoblanadi. Madrasa Ichan qal’aning g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, shaharning bosh darvozasi Ota darvozadan kirib kelganda, o‘ng tomonda joylashgan. Bu me’morchilik obidasi o‘z davriga xos uslubda eng katta va hashamatli qilib qurilgan. Madrasa pishiq g‘ishtdan qurilib, uning devorlarini qalinligi 1,5 metrga yetadi. Madrasa 2 qavatli, 130 hujradan iborat bo‘lib, tarixiy ma’lumotlarga asosan unda bir vaqtning o‘zida 260 nafar talaba tahsil olgan. Madrasa me’moriy jihatdan boshqa shu kabi binolarga o‘xshash, bino simmetrik tarzda, ikki qavatli qilib qurilgan, tarhi to‘g‘ri burchakli, hovlili. Peshtoqning ikki yoniga an’anaviy guldasta-minoralar ishlangan. Bosh tarzini besh gumbazli miyonsaroy, masjid, darsxona va qo‘shimcha xonalar egallagan. Hovlining ikki yonida kichik peshtoqlar bor. Birinchi qavatdagi hujralar yotoqxona va yordamchi xonalar sifatida xizmat qiladi, ikkinchi qavatdagi ravoqli peshayvon binoga fayz bag‘ishlagan. Ichkari hovlida to‘rtta kichik peshtoqlar ham mavjud bo‘lib, ularda “suls” xatlari bitilgan koshinlar, bezaklar ham mavjud.
Manzili: Xiva shahri, “Ichan-qal’a” MFY, Polvon Qori ko‘chasiyu